Xizmat safari deb xodim xizmat topshirig‘ini bajarish uchun doimiy ish joyi bo‘lmagan boshqa joyga ma’lum muddatga yuborilishi tushuniladi.
Xizmat safariga rahbarning buyrug‘i asosida yuboriladi hamda xizmat safari guvohnomasi rasmiylashtiriladi.
Homilador ayollarni va 14 yoshga to‘lmagan bolasi (16 yoshga to‘lmagan nogironligi bo‘lgan bolasi) bor ayollarni ularning roziligisiz xizmat safariga yuborishga yo‘l qo‘yilmaydi
Xususiyatiga ko‘ra doimiy ishi yo‘lda yoki ko‘chib yurish bilan bog‘liq bo‘lgan yoxud doimiy harakatlanuvchi tusga ega bo‘lgan faoliyat xizmat safari hisoblanmaydi.
Xizmat safari muddatlari
Xizmat safari muddati yo‘ldagi vaqtni hisobga olmagan holda 40 kundan ko‘p bo‘lmasligi kerak.
Montaj, sozlash va qurilish ishlarini bajarish uchun xizmat safari esa 12 oydan ko‘p bo‘lishi mumkin emas.
2 oydan ortiq muddatda xizmat safarida bo‘lgan vaqt uchun kundalik xarajatlar o‘rniga ish haqi yoki lavozim maoshiga tarif stavkasining 50% miqdorida ustama belgilanadi.
Quyidagi xodimlarga kundalik xarajatlar o‘rniga tarif stavkasining yoki lavozim maoshining yuqoridagi miqdorlarida ustamalar to‘lanmaydi:
- montaj, sozlash va qurilish ishlari amalga oshiriladigan joyda ishga olingan;
- amaldagi qonunchilikda ko‘zda tutilgan shartlar asosida boshqa joyga o‘tkazish tartibida yuborilgan;
- mehnat ta’tilida bo‘lgan vaqtda, shuningdek sababsiz holda ishga chiqmagan kunlarda;
- ular tomonidan montaj, sozlash va qurilish ishlari amalga oshiriladigan joydan tashqarida davlat yoki jamoat ishlarini bajarish vaqtida;
- montaj, sozlash va qurilish ishlarini nazorat qilish uchun xizmat safariga yuborilgan.
Xizmat safari muddatini tashkilot rahbarining yozma ruxsatnomasiga asosan uzaytirish mumkin.
Xizmat safari xarajatlarini qoplash
Xizmat safari bilan bog‘liq bo‘lgan barcha yo‘l xarajatlari qoplanadi (taksidan tashqari), shu jumladan:
- transportda yo‘lovchilarni majburiy davlat sug‘urtalash bo‘yicha to‘lovlar;
- yo‘lda yurish hujjatlarini oldindan sotish, samolyot va poyezdlarda joylarni bronlash xizmatlari bo‘yicha to‘lovlar (tasdiqlovchi hujjatlar mavjud bo‘lganda);
- yo‘lda ko‘rpa-to‘shak buyumlaridan foydalanganlik uchun xarajatlar (tasdiqlovchi hujjatlarsiz);
- istisno tariqasida (kechki poyezd, umumiy foydalaniladigan transport yo‘q bo‘lgan taqdirda) tashkilot rahbariga taksida yurganlik uchun haq to‘lash huquqi beriladi;
- turar joyni ijaraga olish bo‘yicha xarajatlar, shuningdek tasdiqlovchi hujjatlar mavjud bo‘lgan taqdirda mehmonxonalarda ko‘rsatiladigan qo‘shimcha xizmatlar (joylarni bronlash, dazmoldan foydalanish, saqlash kamyerasidan, televizor, muzlatgich, idish-tovoq, aloqa xizmatidan foydalanish);
- lyuks-nomerlarda yashaganlikni tasdiqlovchi hujjat mavjud bo‘lsa nomer qiymatining 70 foizi qoplanadi;
-
turar joyni ijaraga olganlik bo‘yicha xarajatlarni tasdiqlovchi hujjatlar mavjud bo‘lmasa, har bir sutka uchun belgilangan bazaviy hisoblash miqdorini 20 foizi miqdorida qoplanadi;
-
kundalik xarajatlar xizmat safariga yuborilgan ishlarga jamoa shartnomalari ko‘zda tutilgan miqdorlarda, lekin o‘rnatilgan bazaviy hisoblash miqdoriga nisbatan koeffitsiyentlardan kam bo‘lmagan holda belgilanadi:(Toshkent shahrida, shaharlar - viloyatlar markazlarida - 0,1; boshqa shaharlar va aholi yashaydigan punktlarda - 0,08);
-
xodim tomonidan ish beruvchining ruxsati yoki roziligi bilan qilingan boshqa xarajatlar.