Vasiylar va homiylarning majburiyatlari bajarilishi ustidan nazorat
Vasiylar va homiylarning majburiyatlari bajarilishi ustidan nazorat vasiylikdagi yoki homiylikdagi shaxslarning yoxud vasiylarning yoki homiylarning yashash joyidagi vasiylik va homiylik organlari tomonidan amalga oshiriladi.
Vasiylikdagi yoki homiylikdagi shaxslar vasiyning yoki homiyning harakatlari (harakatsizligi) ustidan tegishli vasiylik va homiylik organiga yoxud sudga shikoyat qilishga haqli.
Vasiylikdagi yoki homiylikdagi shaxslarning hayotiga yoki sog‘lig‘iga bevosita tahdid tug‘ilganligi to‘g‘risida, ularning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlari buzilganligi haqida o‘ziga ma’lum bo‘lib qolgan shaxslar bu haqda vasiylikdagi yoki homiylikdagi shaxsning haqiqatda turgan joyidagi vasiylik va homiylik organiga yoki huquqni muhofaza qiluvchi organlarga xabar berishi shart. Bunday ma’lumotlarni olgan vasiylik va homiylik organlari hamda huquqni muhofaza qiluvchi organlar vasiylikdagi yoki homiylikdagi shaxsning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini himoya qilishga doir zarur choralar ko‘rishi shart.
Vasiy va homiyning hisoboti
Vasiy va homiy o‘z majburiyatlarining bajarilishi to‘g‘risidagi hisobotni har yili o‘ninchi yanvargacha vasiylik va homiylik organiga taqdim etadi.
Vasiy yoki homiyning hisobotida quyidagi ma’lumotlar aks ettiriladi:
- vasiylikdagi yoki homiylikdagi shaxsga tegishli bo‘lgan va saqlash uchun topshirilgan mol-mulkning saqlanayotgan joyi va uning holati haqidagi ma’lumotlar;
- vasiylik va homiylik organining ruxsati bilan vasiylik yoki homiylikdagi shaxsga tegishli mol-mulkning begonalashtirilishi haqidagi ma’lumotlar (shunday holatlar mavjud bo‘lsa);
- mol-mulk, shu jumladan begonalashtirilgan mol-mulk evaziga sotib olingan mol-mulk to‘g‘risidagi ma’lumotlar;
- yil davomida vasiylik yoki homiylikdagi shaxs tomonidan olingan daromad to‘g‘risida, daromad manbai, vaqti va miqdori ko‘rsatilgan ma’lumotlar;
- olingan daromadlar hisobiga vasiylik yoki homiylikdagi shaxsning ehtiyojlari uchun sarflangan mablag‘lar to‘g‘risidagi ma’lumotlar;
- vasiylik va homiylik organining ruxsati bilan vasiylik yoki homiylikdagi shaxsning mol-mulki hisobidan qilingan xarajatlar haqidagi ma’lumotlar;
- vasiylikdagi yoki homiylikdagi shaxsni tarbiyalash, unga ta’lim berish, sog‘lig‘ini muhofaza qilish, huquq va manfaatlarini himoya qilish borasida amalga oshirilgan ishlar haqidagi ma’lumotlar.
Tuman, shahar hokimining vasiylikni yoki homiylikni belgilash va tugatish, vasiylarni yoki homiylarni o‘z majburiyatlarini bajarishdan ozod etish yoxud chetlashtirish to‘g‘risidagi, vasiylik va homiylik organlarining dastlabki tarzda vasiy yoki homiy tayinlash haqidagi qarorlari ustidan manfaatdor shaxslar tomonidan sudga shikoyat qilinishi mumkin.
Vasiy va homiyning g‘ayriqonuniy harakatlari (harakatsizligi) ustidan vasiylikdagi yoki homiylikdagi shaxs, davlat organlari va muassasalari, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari, nodavlat notijorat tashkilotlari hamda vasiylikdagi yoki homiylikdagi shaxsning yashash joyidagi fuqarolar tomonidan tegishli vasiylik va homiylik organiga yoki sudga shikoyat qilinishi mumkin.
Sudga murojaat qilish tartibi bilan tanishish uchun quyidagi havolaga o‘ting.
Prokuratura organlariga murojaat qilish uchun quyidagi havolaga o‘ting.