Farzandlikka olish bolani farzandlikka olishni istagan shaxslarning (shaxsning) arizasiga ko‘ra vasiylik va homiylik organlarining farzandlikka olishning asosliligi va farzandlikka olinayotgan bola manfaatlariga to‘g‘ri kelishi haqidagi xulosasi hisobga olingan holda sud tomonidan amalga oshiriladi.
Aka-ukalar va opa-singillarni turli shaxslar tomonidan farzandlikka olishga, qoida tariqasida, yo‘l qo‘yilmaydi.
Farzandlikka olishi mumkin bo‘lmagan shaxslar:
- ota-onalik huquqidan mahrum qilingan yoki ota-onalik huquqi cheklanganlar;
- muomalaga layoqatsiz yoki muomala layoqati cheklangan deb topilganlar;
- asab kasalliklari yoki narkologiya muassasalarida ro‘yxatda turuvchilar;
- qasddan sodir qilgan jinoyatlari uchun ilgari hukm qilinganlar;
- farzandlikka olganligi bekor qilingan sobiq farzandlikka oluvchilar.
Muhim!
Farzandlikka oluvchi va farzandlikka olinuvchilar yoshidagi farq 15 yoshdan kam bo‘lmasligi shart (o‘gay ota va o‘gay ona tomonidan farzandlikka olish hollari bundan mustasno).
Farzandlikka olishda ustunlik huquqiga ega bo‘lgan shaxslar:
- farzandlikka olinuvchining qarindoshlari;
- farzandlikka olinuvchi bola oilasida yashayotgan shaxs;
- aka-uka, opa-singillarni ular o‘rtasidagi qarindoshlik aloqalarini buzmasdan farzandlikka olayotgan shaxslar;
- o‘gay ota va o‘gay ona;
- O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari;
- kasallik, baxtsiz hodisa oqibatida farzandlaridan ajralgan shaxslar.
Farzandlikka olinayotgan bolaning farzandlikka olinishiga roziligi:
10 yoshga to‘lgan bolani farzandlikka olish uchun uning roziligi talab qilinadi.
Farzandlikka olishda bolaning roziligi vasiylik va homiylik organlari yoki sud tomonidan farzandlikka olish to‘g‘risidagi ish ko‘rib chiqilayotganda aniqlanadi.
Agar bola farzandlikka oluvchilarning oilasida tarbiyalanayotgan bo‘lsa va ularni o‘z ota-onasi deb e’tirof etsa, farzandlikka olish farzandlikka olinayotgan bolaning roziligisiz amalga oshirilishi mumkin.
Ota-onaning bolaning farzandlikka olinishiga roziligi:
Farzandlikka olish uchun farzandlikka olinayotgan bola ota-onasining roziligi talab etiladi.
Sud tomonidan farzandlikka olish to‘g‘risida qarori chiqarilgunga qadar ota-ona bergan roziligini qaytarib olishga haqli.
Farzandlikka olish quyidagi hollarda ota-onaning roziligisiz amalga oshiriladi:
- ota-onaning kimligi noma’lum bo‘lsa;
- ota-ona ota-onalik huquqidan mahrum qilingan bo‘lsa;
- ota-ona muomalaga layoqatsiz, bedarak yo‘qolgan deb topilgan yoki vafot etgan deb e’lon qilingan bo‘lsa;
- ota-ona bir yildan ortiq muddat davomida bolalar yoki davolash muassasalaridagi bolasidan uzrli sabablarsiz xabar olmagan bo‘lsa.
Farzandlikka olishning huquqiy oqibatlari
Farzandlikka olingan bolalar barcha shaxsiy va mulkiy huquqlarda farzandlikka oluvchining o‘z bolalariga tenglashtiriladi.
Farzandlikka olinganlar va ularning ota-onasi bir-birlariga nisbatan shaxsiy va mulkiy huquqlarni yo‘qotadilar hamda o‘zaro majburiyatlardan ozod bo‘ladilar.
Bola bitta shaxs tomonidan farzandlikka olingan taqdirda, uning manfaatlarini ko‘zlab, bolaning huquq va majburiyatlari, agar farzandlikka oluvchi erkak bo‘lsa, onasining iltimosiga ko‘ra, agar farzandlikka oluvchi ayol bo‘lsa, otasining iltimosiga ko‘ra saqlanib qolishi mumkin.
Agar farzandlikka olinayotgan bolaning otasi yoki onasi vafot etgan bo‘lsa, vafot etgan otaning yoki onaning ota-onasi (buva yoki buvi) iltimosiga ko‘ra bolaning shaxsiy nomulkiy hamda mulkiy huquq va majburiyatlari, agar bolaning manfaatlari shuni talab etsa, vafot etgan otasining yoki onasining qarindoshlariga nisbatan saqlanib qolishi mumkin.
Farzandlikka olishni sir saqlash qonun bilan himoya qilinadi.
- Farzandlikka olishga oid ma’lumotlarni farzandlikka oluvchilarning roziligisiz, agar ular vafot etgan bo‘lsa, vasiylik va homiylik organining roziligisiz berish taqiqlanadi.
- Farzandlikka bola oluvchilarning yoki vasiylik va homiylik organining erkiga qarshi, etim yoki ota-ona g‘amxo‘rligidan mahrum bo‘lgan bolalarni farzandlikka olishning qonun bilan qo‘riqlanadigan sirini oshkor qilish jinoiy javobgarlikka sabab bo‘ladi.
Chet el fuqarosi yoki fuqaroligi bo‘lmagan shaxs bo‘lib, boshqa davlat hududida doimiy yashayotgan bolani O‘zbekiston fuqarolari tomonidan farzandlikka olish mazkur bola doimiy yashayotgan davlatning qonun hujjatlarida belgilangan tartibda, farzandlikka olinayotgan bola etim va farzandlikka oluvchilarning (oluvchining) yaqin qarindoshi bo‘lgan yoki o‘z vatanida turli sabablarga ko‘ra farzandlikka olinishi mumkin bo‘lmagan hollarda amalga oshiriladi.
Chet el fuqarosi yoki fuqaroligi bo‘lmagan shaxs bo‘lib, boshqa davlat hududida doimiy yashayotgan bolani O‘zbekiston fuqarolari tomonidan farzandlikka olishda farzandlikka olinayotgan bolaning O‘zbekistonga kirishi va O‘zbekistonda doimiy yashashi uchun O‘zbekiston vakolatli organining (ichki ishlar organlari migratsiya va fuqarolikni rasmiylashtirish bo‘limlari) ruxsatnomasi talab qilinadi.
Farzandlikka olish agar farzandlikka oluvchilar
- Farzandlikka olinuvchining xulq-atvori farzandlikka oluvchilarning sha’ni va qadr-qimmatiga putur etkazayotgan, ularning hayoti yoki sog‘lig‘iga xavf solayotgan bo‘lsa, farzandlikka olinuvchi voyaga etganidan keyin farzandlikka olish bekor qilinishiga yo‘l qo‘yiladi.
- Farzandlikka olinganning ota-onasi, prokuror, vasiylik va homiylik organlari, voyaga etmaganlar ishlari bo‘yicha idoralararo komissiyalar, shuningdek 16 yoshga to‘lgan farzandlikka olingan bola farzandlikka olishni sud tartibida bekor qilishni talab etish huquqiga ega.
Farzandlikka olishni bekor qilishga faqat sud tartibida yo‘l qo‘yiladi.