Dalolatnoma yozuvining birinchi nusxasi saqlanayotgan FHDYo organi manfaatdor shaxslarning arizalariga ko‘ra va tegishli dalolatnoma yozuvlari asosida takroriy guvohnomalar beradi.
Tug‘ilganlik haqida takroriy guvohnomalar fuqarolik holati dalolatnoma yozuvi qayd etilgan tegishli shaxsning o‘ziga, uning ota-onalariga yoki qonunchilikda belgilangan tartibda tasdiqlangan ishonch qog‘ozlari asosida boshqa shaxslarga beriladi. Vafot etgan shaxsga nisbatan tug‘ilganlik haqida takroriy guvohnoma berilmaydi. Zarur hollarda, vafot etgan shaxsning tug‘ilganligi haqida ma’lumotnoma berilishi mumkin.
Taqdim etiladigan hujjatlar:
- Takroriy guvohnoma olish haqidagi ariza;
- Shaxsini tasdiqlovchi hujjat.
Tug‘ilganlik haqida takroriy guvohnomalar fuqaroning o‘ziga, voyaga etmagan shaxslarning qonuniy vakillariga yoki notarial tartibda tasdiqlangan ishonchnoma orqali boshqa shaxslarga ularning arizasi asosida beriladi.
Nikoh tuzilganligi va nikohdan ajralganlik haqidagi takroriy guvohnomalar dalolatnoma yozuvi qayd etilgan tegishli shaxslarning o‘zlariga yoki qonunchilikda belgilangan tartibda tasdiqlangan ishonch qog‘oziga ega bo‘lgan shaxslarga beriladi.
O‘lim haqidagi takroriy guvohnomalar marhumning yaqin qarindoshlariga va merosxo‘rlariga yoki qonunchilikda belgilangan tartibda tasdiqlangan ishonch qog‘oziga ega bo‘lgan shaxslarga beriladi.