Qaysi tashkilotlarda maxsus joy ajratiladi?

Bolasi bilan davlat muassasasiga kelgan yoki safarga chiqqan ona emizish uchun mos sharoitdan foydalanishi kerak. Qonunga muvofiq, bunday maxsus joylar:

  • davlat muassasalari va tashkilotlarida;
  • avtovokzallarda;
  • aeroportlarda;
  • temir yo‘l vokzallarida;
  • madaniy-ko‘ngilochar muassasalarda tashkil etiladi.

Boshqa tashkilotlarda ham bolani emizish uchun joy ajratilishi mumkin.

Muhim: maxsus xona avvaldan rejalashtirilmagani yoki xonalar etishmasligi tegishli tashkilotni bu vazifadan ozod qilmaydi. Sanitariya talablariga javob beradigan alohida joy ajratilishi lozim.

Maxsus joyda qanday sharoit bo‘lishi kerak?

Amaldagi sanitariya qoidalariga ko‘ra, bu joyda:

  • emizish uchun yumshoq kreslo;
  • bolani parvarishlash uchun o‘tkir qirrasiz stol va tibbiy kushetka;
  • qo‘l yuvish rakovinasi;
  • shkaf va sovutgich;
  • bir martalik salfetka, sochiq va gigiena vositalari bo‘lishi kerak.

Issiq va sovuq suv, yoritish hamda havo almashinuvi ta’minlanadi. Xonadagi harorat 22–24°C, namlik esa 40–60 foiz oralig‘ida bo‘lishi belgilangan. Jihozlar tozalash va dezinfektsiya qilishga qulay bo‘lishi zarur.

Joyni qanday topish mumkin?

Muassasaga kelganda axborot yoki qabul xodimidan bolani emizish uchun ajratilgan joyni ko‘rsatishini so‘rang. Xona yopiq bo‘lsa, undan foydalanishni tashkil etish uchun mas’ul xodimga murojaat qiling.

Agar bunday joy mavjud bo‘lmasa yoki unda zarur sharoit yaratilmagan bo‘lsa, muassasa rahbariyatiga muammoni aniq bayon qilib murojaat qilish mumkin. Sanitariya holati bo‘yicha hududiy sanitariya-epidemiologiya organiga ham xabar berish mumkin.

Huquqiy asoslar: O‘RQ-574-son Qonunning 9-moddasi, 0092-25-son sanitariya qoidalari.