Kim murojaat qiladi?

Ijtimoiy reestrga kiritilgan yosh oilaning eri yoki xotini turar joy ijarasi xarajatlari uchun kompensatsiya so‘rab murojaat qilishi mumkin. Ariza «Yoshlar daftari» bo‘yicha belgilangan shaklda to‘ldiriladi.

Qancha kompensatsiya beriladi?

Ijara to‘lovining 50 foizigacha qismi 12 oygacha qoplanishi mumkin. Oylik kompensatsiya:

  • boshqa hududlarda — 2 BHMdan;
  • Toshkent shahri, Nukus shahri va viloyat markazlarida — 3 BHMdan oshmaydi.

Masalan, ijara to‘lovining yarmi belgilangan chegaradan yuqori bo‘lsa, kompensatsiya tegishli hudud uchun belgilangan 2 yoki 3 BHM bilan cheklanadi.

Qanday shartlar bor?

Ijaraga beruvchi ariza beruvchining yaqin qarindoshi bo‘lsa, kompensatsiya ajratish avtomatik rad etiladi. Ijaraga oluvchi uyda haqiqatan yashayotgani yoshlar etakchisi tomonidan har oyda kamida bir marta tekshiriladi. U erda yashamayotgani aniqlansa, «mahalla ettiligi» qarori bilan to‘lov to‘xtatiladi.

Arizani davlat xizmatlari markazi, YaIDXP yoki Yoshlar yagona elektron platformasi orqali berish mumkin. Ijobiy qarordan keyin oylik kompensatsiya ijtimoiy shartnoma shartlari bajarilishiga qarab keyingi oyning 5-sanasiga qadar ijtimoiy kartaga o‘tkaziladi.

Muhim: kompensatsiya ijara haqining hammasini emas, ko‘pi bilan yarmini va belgilangan oylik limit doirasida qoplaydi. Oila ijaraga olingan uyda haqiqatan yashashi kerak.

Huquqiy asos: Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 7-iyundagi 312-son qarori.