«Ayollar daftari»ga kiritilgan xotin-qizlar, shuningdek, ularning voyaga etmagan farzandlariga tibbiy yordam ko‘rsatish zarurati sektor ishchi guruhi tomonidan aniqlanganda, ularning salomatligi hududiy birlamchi tibbiy — sanitariya muassasasidan shifokor jalb qilingan holda baholanadi.

  • O‘rganish natijasiga ko‘ra tibbiy yordam ko‘rsatish zarurati tibbiyot xodimi tomonidan aniqlanganda, belgilangan tartibda tegishli birlamchi tibbiy — sanitariya muassasasiga yo‘naltiriladi va statsionar yoki ambulator davolanish masalasi hal etiladi.
  • O‘zbekiston Respublikasining Davlat byudjeti mablag‘lari hisobidan tibbiy yordam ko‘rsatiladigan imtiyozli toifaga kirmaydigan, ammo birlamchi tibbiy — sanitariya muassasasi tomonidan viloyat yoki respublika darajasida davolanishi lozim deb topilgan «Ayollar daftari»ga kiritilgan xotin-qizlar, shuningdek, ularning voyaga etmagan (qaramog‘ida I guruh nogironligi bo‘lgan farzandlarining yoshidan qat’i nazar) farzandlarining davolanishi bilan bog‘liq bo‘lgan xarajatlar, sektorlar rahbarlari xulosasiga asosan «Ayollar daftari» jamg‘armasi va Oila va xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash davlat maqsadli jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan belgilangan tartibda qoplab beriladi.

O‘zbekiston Respublikasining Davlat byudjeti mablag‘lari hisobidan tibbiy yordam ko‘rsatiladigan imtiyozli toifaga kiradigan viloyat yoki respublika darajasida davolanishi lozim deb topilgan «Ayollar daftari»ga kiritilgan xotin-qizlar, shuningdek, ularning voyaga etmagan (qaramog‘ida I guruh nogironligi bo‘lgan farzandlarining yoshidan qat’i nazar) farzandlari belgilangan tartibda elektron navbatga qo‘yilishi ta’minlanadi.

  • Nogironlik belgilari aniq namoyon bo‘lgan bemorlar belgilangan tartibda ko‘rikdan o‘tish uchun Tibbiy-mehnat ekspert komissiyalariga yuboriladi.

«Ayollar daftari»ga kiritilgan xotin-qizlar va (yoki) ularning voyaga etmagan farzandlariga davolash, dori vositalarini olib berish yoki murakkab jarrohlik amaliyotlari uchun mablag‘ zarur bo‘lgan holatlarda, tuman (shahar) tibbiyot birlashmasi va sektor rahbari xulosalari bilan tibbiy muolaja xarajatlari «Ayollar daftari» jamg‘armasi, Oila va xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash davlat maqsadli jamg‘armasi va «Saxovat va ko‘mak» jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan to‘lab beriladi.

  • Bunda dori-darmon olib berish uchun bazaviy hisoblash miqdorining 20 baravarigacha hamda murakkab jarrohlik amaliyotlari uchun bazaviy hisoblash miqdorining 100 baravarigacha miqdordagi xarajatlar «Ayollar daftari» jamg‘armasi hisobidan to‘lab beriladi;
  • «Ayollar daftari»ga kiritilgan I va II guruh nogironligi bo‘lgan yoki surunkali kasalliklarga chalingan ehtiyojmand xotin-qizlarning va (yoki) ularning voyaga etmagan farzandlarining, shuningdek, lozim bo‘lganda I guruh nogironligi bo‘lgan shaxslarga hamrohlik qiluvchining O‘zbekiston Respublikasining boshqa hududida joylashgan tibbiy muassasalarga davolanish uchun borish-kelish yo‘l xarajatlari sektorlar rahbarlari xulosasiga asosan «Ayollar daftari» jamg‘armasi hisobidan to‘lab beriladi.

Bunda xotin-qizlar yo‘l xarajatlarini tasdiqlovchi hujjatlarni tegishli tuman (shahar) oila va xotin-qizlar bo‘limiga taqdim etadi.

  • Yo‘l hujjatlari mavjud bo‘lmaganda, yo‘lkiraga haq to‘lash har bir kilometrga bazaviy hisoblash miqdorining 0,08 foizi miqdorida amalga oshiriladi.
  • Bemorni maxsus transport vositasida tibbiy muassasaga etkazish lozim bo‘lgan taqdirda, yo‘l xarajatlarini to‘lab berish uchun tuman (shahar) tibbiyot birlashmasi xulosasi olinadi.