Tibbiy yordamga ehtiyoj qanday aniqlanadi?
«Ayollar daftari»ga kiritilgan xotin-qiz yoki uning voyaga etmagan farzandi tibbiy yordamga muhtojligi «mahalla ettiligi» tomonidan aniqlansa, uning salomatligi birlamchi tibbiy-sanitariya muassasasi shifokori ishtirokida baholanadi. Shifokor davolanish zarur deb topsa, bemor tegishli tibbiyot muassasasiga yo‘naltiriladi; ambulator yoki statsionar davolanish masalasi hal qilinadi.
Davolanish xarajatlari qachon qoplanadi?
Davlat byudjeti hisobidan davolanadigan imtiyozli toifaga kirmaydigan, biroq viloyat yoki respublika darajasida davolanishi zarur deb topilgan xotin-qiz va uning voyaga etmagan farzandining davolanish xarajatlari «mahalla ettiligi» xulosasi asosida belgilangan tartibda qoplanadi.
Agar bemor davlat byudjeti hisobidan davolanadigan imtiyozli toifaga kirsa, uni viloyat yoki respublika darajasida davolash uchun elektron navbatga qo‘yish ta’minlanadi. Davlat byudjeti mablag‘lari hisobidan davolanish uchun elektron yo‘llanma beriladi.
Muhim: Ijtimoiy reestrga kiritilgan xotin-qizni jarrohlik amaliyotisiz davolash xarajatlari «Ayollar daftari» jamg‘armasi hisobidan 50 BHMgacha qoplanishi mumkin. Jarrohlik amaliyoti xarajatlari esa Davlat tibbiy sug‘urtasi jamg‘armasi tomonidan belgilangan bazaviy narxlar doirasida qoplanadi. Bu davolanish uchun hammaga bir xil miqdorda pul berilishini anglatmaydi.
Tibbiy yordam zarur bo‘lsa, yashash joyidagi oilaviy poliklinikaga va mahalladagi xotin-qizlar faoliga murojaat qilib, tibbiy baholash hamda yo‘naltirish masalasini ko‘tarish mumkin.
Huquqiy asos: Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 31-martdagi 145-son qarori.