Ishda ishtirok etuvchi shaxsning arizasiga ko‘ra sud, agar:
- ma’muriy ish bo‘yicha hal qiluv qarori qabul qilinguniga qadar arizachining yoki manfaatida ariza berilgan shaxsning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlari buzilishining aniq xavfi mavjud bo‘lsa;
- arizachining huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini bunday choralar ko‘rmay turib, himoya qilish mumkin bo‘lmasa yoki qiyin bo‘lsa dastlabki himoya choralarini ko‘rishi mumkin.
- Dastlabki himoya choralarini ko‘rish to‘g‘risidagi ariza sudga ariza (shikoyat) bilan bir vaqtda yoki ish yuritish jarayonida berilishi mumkin.
Ariza (shikoyat) bilan birga berilgan dastlabki himoya choralarini ko‘rish to‘g‘risidagi ariza arizani (shikoyatni) ish yuritishga qabul qilish va ish qo‘zg‘atish to‘g‘risidagi masalani hal qilish bilan bir vaqtda, ishda ishtirok etuvchi shaxslarni xabardor qilmasdan sud tomonidan ko‘rib chiqiladi.
Dastlabki himoya choralarini ko‘rish to‘g‘risidagi ariza sud majlisi chog‘ida berilgan taqdirda, u shu majlisda ko‘rib chiqilishi kerak.
Dastlabki himoya choralari ishni ko‘rayotgan sud tomonidan ishda ishtirok etuvchi shaxsning iltimosnomasiga ko‘ra bekor qilinishi mumkin.
Dastlabki himoya choralarini bekor qilish to‘g‘risidagi masala sud majlisida hal qilinadi. Ishda ishtirok etuvchi shaxslar majlisning vaqti va joyi to‘g‘risida xabardor qilinadi. Biroq ularning kelmaganligi dastlabki himoya choralarini bekor qilish to‘g‘risidagi masalani ko‘rib chiqishga to‘sqinlik qilmaydi.