Sud majlisining vaqti va joyi to‘g‘risida tegishli tarzda xabardor qilingan javobgar sud majlisiga kelmagan, kelmaganligining uzrli sabablari borligi haqida xabar bermagan va ishni uning ishtirokisiz ko‘rish to‘g‘risida so‘ramagan taqdirda, agar da’vogar bunga e’tiroz bildirmasa, ish sirtdan ish yuritish tartibida ko‘rilishi mumkin. Ishni bunday tartibda ko‘rish haqida sud ajrim chiqaradi. Javobgar tegishli tarzda xabardor qilinganligi haqida ishda ma’lumot bo‘lishi kerak.
Ishda bir nechta javobgar ishtirok etgan va sud majlisiga barcha javobgarlar kelmagan taqdirda, ish sirtdan ish yuritish tartibida ko‘rilishi mumkin.
Agar sud majlisiga kelgan da’vogar ishni javobgar ishtirokisiz sirtdan ish yuritish tartibida ko‘rishga rozi bo‘lmasa, sud ishning muhokamasini keyinga qoldiradi va kelmagan javobgarga yangi sud muhokamasining vaqti va joyi haqida takroran xabar yuboradi.
Tegishli tarzda xabardor qilingan javobgar sud majlisiga takroran kelmasa, sud da’vogarning fikridan qat’i nazar, ishni sirtdan ish yuritish tartibida ko‘radi.
Ish sirtdan ish yuritish tartibida ko‘rilganida sud ishdagi mavjud dalillarni tekshirish bilan kifoyalanadi, ishda ishtirok etuvchi shaxslarning vajlari va iltimoslarini e’tiborga olib, hal qiluv qarori chiqaradi, bu hal qiluv qarori sirtdan chiqarilgan deb ataladi.
- Da’vogar tomonidan da’voning predmeti yoki asosi, da’vo talablari miqdori o‘zgartirilganda sud mazkur sud majlisida ishni sirtdan ish yuritish tartibida ko‘rishga haqli emas. Bu holda ishni ko‘rish da’vo arizasini da’vo predmeti yoki asosi, da’vo talablari miqdori o‘zgartirilgan holda javobgarga topshirish uchun keyinga qoldiriladi.
- Agar sud majlisiga kelmagan javobgardan ishni uning ishtirokisiz ko‘rish haqida ariza kelib tushsa, ish sirtdan ish yuritish tartibida emas, umumiy tartibda ko‘rilishi lozim.
Sirtdan qabul qilingan hal qiluv qarorini qayta ko‘rib chiqish to‘g‘risidagi ariza u kelib tushgan paytdan e’tiboran 10 kun ichida sud majlisida ko‘rib chiqiladi. Sud majlisining vaqti va joyi haqida xabardor qilingan shaxslarning kelmaganligi arizani ko‘rib chiqish uchun to‘sqinlik qilmaydi.
- Sirtdan qabul qilingan hal qiluv qarorini bekor qilish asoslari