Urug‘chilik — urug‘liklarni etishtirish, saqlash, realizatsiya qilish hamda ulardan foydalanish, shuningdek urug‘liklarning genetik (nav) va ekinboplik sifatlarini aniqlash bo‘yicha o‘tkaziladigan tadbirlar bilan bog‘liq bo‘lgan faoliyat.
Urug‘chilik sub’ektlari quyidagi huquqlarga ega:
- urug‘chilik sohasidagi davlat dasturlarini va boshqa dasturlarni amalga oshirishda ishtirok etish;
- selektsiya yutuqlaridan foydalanish;
- urug‘liklarning ko‘rgazma-savdolarida (kimoshdi savdolarida) ishtirok etish;
- o‘z faoliyatida innovatsion texnologiyalardan foydalanish va ilm-fan yutuqlarini joriy etish;
- urug‘lik etishtirish bo‘yicha resurslarni tejovchi texnologiyalarni qo‘llash.
Urug‘chilik sub’ektlari:
- urug‘lik etishtirish uchun foydalaniladigan maydonlarning davriy aprobatsiyadan o‘tkazilishini ta’minlashi;
- vakolatli organ tomonidan tasdiqlangan urug‘liklarni etishtirish sxemalarining texnologik talablariga, ularni saqlash hamda realizatsiya qilish qoidalariga rioya etishi, shuningdek urug‘liklarning sifat va miqdor jihatidan saqlanishini ta’minlashi;
- urug‘liklarni realizatsiya qilishda urug‘lik to‘dasiga berilgan muvofiqlik sertifikatini, shuningdek duragaylar va navlarning tavsiflarini urug‘liklarning iste’molchilariga (urug‘liklardan foydalanuvchilarga) taqdim etishi;
- vakolatli organlar bilan urug‘lik etishtirish uchun foydalaniladigan maydonlarni aprobatsiyadan o‘tkazishi shart.
- Urug‘liklarning genetik (nav) sifati urug‘lik etishtirish uchun foydalaniladigan urug‘lik ekinlarning aprobatsiyasi, urug‘lik ekinlarning navlarini tuproqqa ekib baholash, urug‘liklarning laboratoriyada o‘tkaziladigan nav sinovlari natijalari bo‘yicha aniqlanadi.
Urug‘liklarning ekinboplik sifatlari urug‘liklar to‘dalaridan ajratib olingan namunalardan urug‘liklar tahlilini o‘tkazish orqali aniqlanadi.
- Ekish uchun foydalaniladigan urug‘liklar sertifikatlashtirilishi lozim.
- Urug‘liklarni etishtirish, tayyorlash, ularga ishlov berish, ularni saqlash va ulardan foydalanish texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi normativ hujjatlarga muvofiq amalga oshiriladi.
Urug‘liklarni O‘zbekiston Respublikasi hududiga olib kirishga quyidagi shartlar asosida yo‘l qo‘yiladi, agar:
- paxta chigiti, boshoqli don ekinlari va kartoshka urug‘liklari O‘zbekiston Respublikasi hududida ekish uchun tavsiya qilingan qishloq xo‘jaligi ekinlarining davlat reestriga kiritilgan nav va duragay jumlasidan bo‘lsa;
- urug‘liklarning muvofiqlik sertifikati va fitosanitariya sertifikati, shuningdek karantin ruxsatnomasi mavjud bo‘lsa;
- urug‘liklar selektsiya va tadqiqot ishlari, ko‘rgazmaga qo‘yish uchun mo‘ljallangan bo‘lsa.
Ilmiy maqsadlarda va navni sinash uchun olib kirilayotgan hamda olib chiqilayotgan urug‘liklar uchun bojxona boji undirilmaydi va ular kvotalanmaydi hamda litsenziyalanmaydi.
- Urug‘chilik sohasidagi faoliyatni moliyalashtirish O‘zbekiston Respublikasining Davlat byudjeti mablag‘lari va qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan amalga oshiriladi.