Respublika oliy ta’lim muassasalariga ajratilgan qo‘shimcha davlat granti asosidagi qabul ko‘rsatkichlari doirasida oliy ma’lumot olish istagida bo‘lgan ehtiyojmand oilalardagi xotin-qizlarning tanlovda ishtirok etishi uchun tavsiyanoma quyidagi mezonlar asosida beriladi:

  • kam ta’minlangan oilalardagi xotin-qizlar. Bunda kam ta’minlangan oila deganda, oilaning har bir a’zosiga jami daromad aniqlanadigan davrda belgilangan mehnatga haq to‘lash eng kam miqdorining 0,527 baravaridan ko‘p bo‘lmagan miqdorda to‘g‘ri keladigan bir oylik o‘rtacha jami daromadga ega bo‘lgan oila tushuniladi;
  • to‘liqsiz oilada tarbiyalanayotgan, ya’ni otasi yoki onasi yoxud ularning ikkalasi ham vafot etgan ijtimoiy himoyaga muhtoj qizlar;
  • turmush o‘rtog‘i vafot etgan, voyaga etmagan farzandini yolg‘iz tarbiyalayotgan ijtimoiy himoyaga muhtoj ayollar;
  • nogironligi bo‘lgan farzandi bor ehtiyojmand oilalardagi xotin-qizlar;
  • 2 va undan ortiq farzandlarini tarbiyalayotgan, boshqa qarindoshlaridan alohida (ijarada) yashayotgan ijtimoiy himoyaga muhtoj yolg‘iz ayollarning qiz farzandlari;
  • ota-onalaridan biri yoki har ikkisi ham birinchi yoki ikkinchi guruh nogironi bo‘lgan ehtiyojmand oilalardagi xotin-qizlar.

Tavsiyanoma yuqoridagi mezonlarga mos kelgan ehtiyojmand oilalardagi barcha talabgor xotin-qizlarga beriladi.

Tavsiyanoma olish uchun talabgor ehtiyojmand oilalardagi xotin-qizlar doimiy yashash yoki vaqtincha turgan joyi bo‘yicha yashash joyidagi tuman (shahar) oila va xotin-qizlar bo‘limlariga elektron shaklda murojaat qiladi.

​Tavsiyanoma ajratilgan qo‘shimcha 4 foizli davlat granti asosidagi qabul ko‘rsatkichlari doirasida ehtiyojmand oilalardagi xotin-qizlarning abiturient sifatida ro‘yxatdan o‘tishida tanlagan birinchi ta’lim yo‘nalishi bo‘yicha tanlovda ishtirok etish huquqini beradi, ikkinchi va undan keyingi oliy ta’lim olish uchun tanlovda ishtirok etishga nisbatan tatbiq etilmaydi.

Tuman (shahar) oila va xotin-qizlar bo‘limlari ishchi guruhi bilan birgalikda ajratilgan qo‘shimcha qabul ko‘rsatkichlari doirasida tanlovda ishtirok etish uchun tavsiyanoma olish maqsadida murojaat etgan ehtiyojmand oilalardagi xotin-qizlarning hujjatlarini har yili 30-maydan 8-iyunga qadar qabul qiladi.

Tavsiyanomaga ega bo‘lgan abiturientlarni qo‘shimcha qabul ko‘rsatkichlari doirasida o‘qishga qabul qilish kirish imtihonlari (test sinovlari, kasbiy (ijodiy) imtihon, yozma imtihon) natijalariga muvofiq qabul qilinadi.

Kirish imtihonlarida to‘plash mumkin bo‘lgan eng yuqori ballning 30 foizidan kam bo‘lmagan ball to‘plagan tavsiyanomaga ega bo‘lgan ehtiyojmand oilalardagi xotin-qizlar ballar ketma-ketligiga qat’iy rioya etilgan holda, qo‘shimcha to‘rt foizli davlat granti asosidagi qabul ko‘rsatkichlari doirasida talabalikka tavsiya etiladi.