O‘zbekistonda koronavirusga chalinish bo‘yicha 2021-yilgi kunlik antirekord yangilandi — bir kunda 144 kishida kasallik tasdiqlandi

O‘zbekistonda 25-mart, payshanba kuni 144 kishida koronavirus infektsiyasi tasdiqlandi. Sog‘liqni saqlash vazirligi ma’lumotiga ko‘ra, bu 2021-yildagi yangi antirekorddir. Avvalgi antirekord (138) bir kun avval — 24-mart, chorshanba kuni qayd etilgan edi.

Yangi kasallanish holatlarining:

  • 1 tasi Buxoro viloyatida;
  • 3 tasi Jizzax viloyatida;
  • 4 tasi Namangan viloyatida;
  • 13 tasi Samarqand viloyatida;
  • 1 tasi Sirdaryo viloyatida;
  • 1 tasi Xorazm viloyatida;
  • 6 tasi Toshkent viloyatida;
  • 115 tasi Toshkent shahrida.

Qayd etish joiz, Toshkent shahrida ham 2021-yilgi antirekord yangilandi.

SSVning qo‘shimcha qilishicha, o‘tgan bir sutka davomida Qoraqalpog‘istonda bir kishi, Toshkent viloyatida 21 kishi, Toshkent shahrida esa 83 kishi, respublika bo‘yicha jami 105 kishi COVID-19 kasalligidan sog‘aygan. Sog‘ayish ko‘rsatkichi 98 foizni tashkil etmoqda.

«Ayni paytda tibbiyot muassasalarida davolanayotgan 1088 nafar bemordan 191 nafari og‘ir, 85 nafari esa o‘ta og‘ir ahvolda», — deyiladi SSV axborotida.

O‘zbekistonda mart oyidan boshlab koronavirusga chalinish holatlari yana ko‘paya boshlagani munosabati bilan bir qator ta’lim muassasalari vaqtincha yopildi yoki ta’limni masofaviy shaklga o‘tkazdi. 1 apreldan ommaviy tadbirlarni o‘tkazishga ayrim cheklovlar o‘rnatilmoqda.