O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Mutaxassislarni xorijda tayyorlash va vatandoshlar bilan muloqot qilish bo‘yicha «El-yurt umidi» jamg‘armasi tashkil etilgan.

Jamg‘armaning vazifalari va huquqlari bilan tanishing.

Xorijda magistratura va doktorantura dasturlari bo‘yicha ta’lim olish, malaka oshirish va stajirovka o‘tashga qabul qilish faqat O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari uchun hamda qabul va tanlab olishning yagona qoidalari asosida amalga oshiriladi.

Tanlovlarda quyidagi shaxslar ishtirok etishi mumkin emas:
  • magistratura dasturlari bo‘yicha — 23 yoshdan kichik va 40 yoshdan katta bo‘lgan, shuningdek, ilgari o‘xshash mutaxassislik bo‘yicha xorijda magistraturada tahsil olganlar;
  • doktorantura dasturlari bo‘yicha — 25 yoshdan kichik va 45 yoshdan katta bo‘lgan, shuningdek, avval PhD yoki fan doktori ilmiy darajasini olganlar;
  • malaka oshirish va stajirovka o‘tash dasturlari bo‘yicha — 25 yoshdan kichik va 50 yoshdan katta bo‘lgan, shuningdek, Jamg‘arma dasturlaridan biri asosida so‘nggi uch yil mobaynida xorijda ta’lim olganlar;
  • xorijda ta’lim olish uchun tanlangan mutaxassislik bo‘yicha 2 yildan kam mehnat tajribasiga, shu jumladan pedagogik stajga ega bo‘lganlar;
  • davlat hokimiyatining saylab qo‘yiladigan organlarida faoliyat yuritayotganlar;
  • og‘ir yoki o‘ta og‘ir jinoyatlarni sodir etganlik uchun sudlanganligi tugallanmagan yoxud sudlanganligi olib tashlanmaganlar.

  • Jamg‘arma stipendiyalari:
    • xorijiy ta’lim va ilmiy muassasalarda malaka oshirishga — 2 oygacha muddatga;
    • xorijiy ilmiy, ta’lim, ijod muassasalari, davlat idoralari, korxona va boshqa tashkilotlarda stajirovka o‘tashga — 6 oygacha muddatga;
    • etakchi xorijiy oliy ta’lim va ilmiy muassasalarda magistratura dasturi asosida ta’lim olishga — 1-2 yil mobaynida, doktorantura dasturi bo‘yicha — 1 - 4 yil mobaynida.

Xorijda ta’lim olishga nomzodlar quyidagi hujjatlarni taqdim qiladilar:
  • tegishli namunadagi ma’lumotnoma-ob’ektivka (anketa);
  • ta’lim olish shakli va yo‘nalishi ko‘rsatilgan holda belgilangan namunadagi komissiya raisi nomiga ariza;
  • belgilangan namunadagi 2 ta fotosurat;
  • oliy ta’lim muassasasini tugatganligini, shuningdek, ilmiy darajasini (fan nomzodi, PhD va fan doktori.), ilmiy unvonini (katta ilmiy xodim, dotsent, professor) tasdiqlovchi diplomlarning nusxasi;
  • mehnat daftarchasi nusxasi (mehnat staji bo‘lganda);
  • pasport nusxasi;
  • belgilangan namunadagi tibbiy ma’lumotnoma;
  • chet tilidan bilim darajasini belgilovchi amaldagi milliy yoki xalqaro sertifikat (Milliy kvalifikatsiya sertifikati, IELTS, TOEFL va shu kabilar), agar mavjud bo‘lsa.
  • sudlanmaganligi to‘g‘risidagi ma’lumotnoma.

Magistratura yoki doktorantura dasturi bo‘yicha Xorijda ta’lim olgan stipendiatga, oliy ta’lim yoki ilmiy muassasada, shuningdek, vazirliklar, idoralar va boshqa davlat tashkilotlarida egallagan mutaxassisligi bo‘yicha 5 yildan kam bo‘lmagan muddatda uzluksiz ishlab berish majburiyati yuklanadi.

Batafsil ma’lumotni Jamg‘arma sayti orqali ham olishingiz mumkin.