O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi:

Jinoyat sodir etganlikda ayblanayotgan har bir shaxsning ishi sudda qonuniy tartibda, oshkora ko‘rib chiqilib, uning aybi aniqlanmaguncha u aybdor hisoblanmaydi. Sudda ayblanayotgan shaxsga o‘zini himoya qilish uchun barcha sharoitlar ta’minlab beriladi.

  • Gumon qilinuvchi, ayblanuvchi, sudlanuvchi himoyalanish huquqi bilan ta’minlanadi. Sud ishlarini yuritishning har qanday bosqichida malakali yuridik yordam olish huquqi kafolatlanadi.
  • Ayblanuvchi, uning aybi qonunda nazarda tutilgan tartibda isbotlanmagunga va sudning qonuniy kuchga kirgan hukmi bilan aniqlanmagunga qadar, aybsiz hisoblanadi.
  • Hech kim sud qaroriga asoslanmagan holda qamoqqa olinishi mumkin emas.
  • Hech kim qiynoqqa solinishi, zo‘ravonlikka, shafqatsiz yoki inson qadr-qimmatini kamsituvchi boshqa tarzdagi tazyiqqa duchor etilishi mumkin emas. 

O‘zbekiston Respublikasining Jinoyat-protsessual kodeksiga muvofiq:

Aybsizlik prezumptsiyasi
Gumon qilinuvchi, ayblanuvchi yoki sudlanuvchi uning jinoyat sodir etishda aybdorligi qonunda nazarda tutilgan tartibda isbotlangunga va qonuniy kuchga kirgan sud hukmi bilan aniqlangunga qadar aybsiz hisoblanadi.

Qarang: O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi 26-moddasining birinchi qismi, JPKning 84454-moddalari, O‘zbekiston Respublikasi «Sudlar to‘g‘risida»gi Qonuni 10-moddasining ikkinchi qismi, O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2014-yil 23-maydagi 07-sonli «Sud hukmi to‘g‘risida»gi qarori 1-bandining ikkinchi xatboshisi, O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2003-yil 19-dekabrdagi 17-sonli «Gumon qilinuvchi va ayblanuvchini himoya huquqi bilan ta’minlashga oid qonunlarni qo‘llash bo‘yicha sud amaliyoti to‘g‘risida»gi qarori 5-bandining birinchi xatboshisi.

Gumon qilinuvchi, ayblanuvchi yoki sudlanuvchi o‘zining aybsizligini isbotlab berishi shart emas.

Qarang: JPKning 45-moddasi, 46-moddasining to‘rtinchi qismi47-moddasi, 48-moddasining uchinchi qismi, O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2003-yil 19-dekabrdagi 17-sonli «Gumon qilinuvchi va ayblanuvchini himoya huquqi bilan ta’minlashga oid qonunlarni qo‘llash bo‘yicha sud amaliyoti to‘g‘risida»gi qarori 5-bandining ikkinchi xatboshisi.

Aybdorlikka oid barcha shubhalar, basharti ularni bartaraf etish imkoniyatlari tugagan bo‘lsa, gumon qilinuvchi, ayblanuvchi yoki sudlanuvchining foydasiga hal qilinishi lozim. Qonun qo‘llanilayotganda kelib chiqadigan shubhalar ham gumon qilinuvchining, ayblanuvchining, sudlanuvchining foydasiga hal qilinishi kerak.

Qarang: O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2003-yil 19-dekabrdagi 17-sonli «Gumon qilinuvchi va ayblanuvchini himoya huquqi bilan ta’minlashga oid qonunlarni qo‘llash bo‘yicha sud amaliyoti to‘g‘risida»gi qarorining 5-bandi.