Masofaviy ish - xodimning mehnat majburiyatlarini doimiy ish joyi, hudud yoki obyektdan tashqarida bajariladigan ish usuli.

Masofaviy ish usulida, moslashuvchan ish jadvalida yoki uyda ishlashga o‘tish huquqidan birinchi navbatda homilador ayollar, keksalar, imkoniyati cheklangan shaxslar va surunkali kasalliklarga chalingan xodimlar foydalanadi.

Xodimni masofaviy ishga vaqtinchalik o‘tkazishda ish beruvchi tomonidan vaqtinchalik ishga o‘tkazish haqida muddati ko‘rsatilgan buyruq chiqariladi.

Masofaviy ishga o‘tkazishda mehnat shartnomasiga quyidagi o‘zgartirishlar kiritiladi:
  • ish beruvchi va xodim o‘rtasida elektron hujjat almashinuvi bo‘yicha o‘zaro aloqalar tartibi;
  • xodimning mehnat majburiyatlarini amalga oshirish uchun zarur bo‘lgan jihozlar va/yoki texnika vositalaridan foydalanish tartibi, agar tomonlar tarafidan xodimga tegishli jihozlar va/yoki texnika vositalaridan foydalanish to‘g‘risidagi kelishuv mavjud bo‘lsa;
  • ish beruvchi bilan doimiy aloqalarini ta’minlash maqsadida xodimni aloqa vositalari bilan ta’minlash, shu jumladan Intyernyet tarmog‘idan foydalanish;
  • ish beruvchi tomonidan xodimga berilgan jihozlar va texnikalarning xodimning aybi bilan buzilganda, yetkazilgan zararni xodim tomonidan ish beruvchiga qoplab berish bilan bog‘liq shartlar;
  • xodim o‘z mehnat vazifalarini bajarish uchun shaxsiy jihozlar va/yoki texnika vositalaridan, shuningdek aloqa vositalari, shu jumladan Intyernyet tarmog‘idan foydalangan taqdirda xarajatlarni qoplash tartibi va shartlari;
  • xodim va ish beruvchining zaruriy mehnat muhofazasi va mehnat sharoitlariga amal qilish bo‘yicha majburiyatlari;
  • xodimni ishlab chiqarish zaruriyati tug‘ilganda doimiy ish joyiga o‘tkazish shartlari.

Xodim ish vaqtining davomiyligi va tartibini ishlab chiqarish topshirig‘ining hajmi va mehnat shartnomasida ko‘rsatilgan boshqa shartlardan kelib chiqqan holda mustaqil ravishda belgilaydi.

Masofaviy ishga vaqtinchalik o‘tkazilgan xodimning mehnatiga haq to‘lash:
  • mehnatga haq to‘lashdagi soatbay asosida — xodimning masofaviy ishga o‘tkazilgunga qadar belgilangan tarif stavkasi (lavozim okladi)dan kelib chiqqan holda;
  • mehnatga haq to‘lashdagi ishbay asosida — o‘rnatilgan narxlardan kelib chiqqan holda.

Shunigdek, xodim xohishiga ko‘ra va ish beruvchining roziligi bilan xodim vaqtinchalik uyda ishlashi uchun uy mehnati sharoitiga o‘tkazilishi mumkin.

Xodimni vaqtinchalik uyda ishlashga o‘tkazish to‘g‘risidagi buyruq chiqariladi.

Xodimni vaqtinchalik uyda ishlashga o‘tkazishda mehnat shartnomasiga quyidagi o‘zgartirishlar kiritiladi:
  • xodim uyda bajarishi lozim bo‘lgan ish turlari;
  • xodim lavozim vazifalarini bajarishi uchun jihozlar, asbob-uskunalar, butlovchi mahsulotlar, xomashyo, materiallar, yarim tayyor mahsulotlar, shuningdek ishlab chiqarish topshirig‘ini taqdim etish tartibi;
  • xodim va ish beruvchining zaruriy mehnat muhofazasi va sharoitlariga amal qilish bo‘yicha majburiyatlari;
  • xodim tomonidan o‘z mehnat majburiyatlarini bajarishda shaxsiy jihozlari, asboblari va inventarlarining ishlatilishi, shuningdek xodimning mehnat qilishi munosabati bilan enyergiya, suv, aloqa uchun xarajatlarini qoplash bo‘yicha shartlari va tartibi;
  • qonun hujjatlariga muvofiq boshqa shartlar ham nazarda tutilishi mumkin.

Uyda ishlashga o‘tkazilgan xodimning mehnatiga haq to‘lash:
  • mehnatga haq to‘lashdagi soatbay asosida — xodimning uyda ishlashga o‘tkazilgunga qadar belgilangan tarif stavkasi (lavozim okladi)dan kelib chiqqan holda;
  • mehnatga haq to‘lashdagi ishbay asosida.