Toshkent shahar hokimligi huzurida Koronavirus infeksiyasini yuqtirganlikda gumon qilingan shaxslarni vaqtinchalik karantinda saqlashga moslashtirilgan majmuasini boshqarish bo‘yicha maxsus markaz tashkil etish belgilandi.

Koronavirus infeksiyasini yuqtirganlikda gumon qilingan shaxslarni vaqtinchalik karantinda saqlashga moslashtirilgan majmuada epidemiyaga qarshi chora-tadbirlarni amalga oshirish vaqtinchalik tartibi to‘g‘risidagi nizom tasdiqlandi.

Koronavirus infeksiyasini yuqtirganlikda gumon qilingan shaxslarni uy sharoitida karantinga joylashtirish va saqlash vaqtinchalik tartibi to‘g‘risidagi nizom tasdiqlandi.

Karantin markazining asosiy vazifalari:
  • koronavirus infeksiyasini yuqtirganlikda gumon qilingan shaxslarni qabul qilish, saqlash va karantin majmuasidan chiqarishni tashkil etish;
  • karantin majmuasini samarali boshqarish, karantin majmuasida koronavirus infeksiyasini tarqalishini oldini olish bo‘yicha zarur choralar ko‘rish va karantinga olingan shaxslar, shuningdek jalb qilingan mutaxassis, xodim va harbiy xizmatchilar tibbiy nazoratini tizimli ravishda olib borish;
  • huquqni muxofaza qiluvchi organlar tomonidan karantinga olingan shaxslarning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini ta’minlash, shuningdek ularga yuklatilgan majburiyatlarni bajarishlarini nazorat etilishida hamkorlik qilish;
  • karantinga olingan shaxslarni qabul qilish, saqlash va karantin majmuasidan markazlashtirilgan tartibda chiqarishni tashkil etishda davlat organlari va tashkilotlari bilan o‘zaro hamkorlik qilish;
  • karantin majmuasida muntazam, shu jumladan, karantin tadbirlari yakunlangandan keyin dezinfeksiya ishlarini amalga oshirishni ta’minlash.

Karantin markazining huquq va majburiyatlari:
  • Toshkent shahar hokimligining yuridik shaxs maqomiga ega bo‘lgan davlat unitar korxonasi shaklidagi tarkibiy bo‘linmasi hisoblanib, mustaqil balansga hamda O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligining G‘aznachiligida shaxsiy hisobvaraqlariga ega bo‘ladi;
  • direktori Sog‘liqni saqlash vazirligi bilan kelishilgan holda Toshkent shahar hokimi tomonidan lavozimga tayinlanadi va lavozimdan ozod etiladi;
  • faoliyati manfaatdor vazirlik va idoralar vakillari hamda yordamchi va texnik xodimlarni jalb qilgan holda tashkil etiladi;
  • majmuadagi barcha mol-mulklardan samarali foydalanishni va ularni but saqlanishini ta’minlaydi;
  • majmuani saqlash va ekspluatatsiya qilish bo‘yicha shartnomalar tuzadi;
  • oziq-ovqat mahsulotlari, birinchi navbatdagi dori vositalari, niqob, dezinfeksiya vositalari va boshqa zarur tovarlarni istisno tariqasida, tendyer savdolarisiz, ishlab chiqaruvchi (xizmat ko‘rsatuvchi) lar bilan to‘g‘ridan to‘g‘ri shartnoma tuzish orqali xarid qiladi;
  • o‘zining faoliyati, yuzaga kelayotgan tizimli muammolar, karantinga olingan shaxslar, shuningdek jalb qilingan mutaxassis, xodim va harbiy xizmatchilar tibbiy nazorati to‘g‘risida har kunlik ma’lumotlar hamda favqulodda vaziyatlar haqida darhol O‘zbekiston Respublikasiga koronavirusning kirib kelishi va tarqalishining oldini olish bo‘yicha chora-tadbirlar dasturini tayyorlash bo‘yicha Respublika maxsus komissiyasiga elektron tarzda axborot kiritib boradi.