Koronavirus infeksiyasi tarqalishiga qarshi kurashish davrida sanitariya-epidemiologiya xizmati tibbiyot xodimlarining mehnatini yanada rag‘batlantirish maqsadida Sog‘liqni saqlash vazirligi huzuridagi Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik agentligi va uning hududiy bo‘linmalari tibbiyot xodimlariga moddiy rag‘batlantirish belgilandi.

Rag‘batlantirish miqdorlari:
  • lavozim maoshiga mehnatning sog‘liq uchun xavfliligi va og‘ir sharoitlari uchun belgilanadigan qo‘shimcha to‘lovlar miqdorini tegishincha 15 foizdan 50 foizga hamda 40 foizdan 75 foizga oshirish;
  • mehnatga haq to‘lash razryadlari bo‘yicha tarif koeffitsiyentini 5 foizga oshirish.

Ushbu xarajatlar Moliya vazirligi huzuridagi Inqirozga qarshi kurashish jamg‘armasidan ajratilgan mablag‘lar hisobidan amalga oshiriladi.

Moddiy rag‘batlantirish choralari 2020-yilning 16-martidan boshlab, respublikada koronavirus infeksiyasi tarqalishiga qarshi kurashish tadbirlari rasman to‘xtatiladigan oy yakuniga qadar amal qiladi.

Koronavirus infeksiyasi tarqalishiga qarshi kurashish tadbirlariga jalb etilgan davrda Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik agentligi va uning hududiy bo‘linmalari tibbiyot xodimlari uchun oylik lavozim maoshiga nisbatan 6 foiz miqdorida kunlik qo‘shimcha to‘lov, shuningdek, qonunchilikda ko‘zda tutilgan boshqa ustamalarni olish huquqi saqlanib qoladi.