Gaz etkazib berish shartnomasi – gaz ta’minoti tashkilotiga gazni iste’molchiga uzatish, iste’molchiga esa gaz uchun to‘lovni amalga oshirish majburiyatini yuklaydigan bitim.

Maishiy iste’molchi – maishiy ehtiyoj (ovqat tayyorlash, issiq suv va isitish kabi) uchun gazdan foydalanuvchi shaxs.

Maishiy iste’molchilarning huquqlari
  • uzluksiz gaz etkazib berilishini talab qilish;
  • shartnoma bekor qilinganda, foydalanilmagan gaz uchun to‘langan summani qaytarib olish;
  • shartnomani bir tomonlama bekor qilish;
  • zararni qoplashni talab etish;
  • gaz ta’minoti tashkiloti vakilini, qo‘shimcha haq to‘lamasdan, gaz priborlarini vaqtincha yoki to‘liq uzib qo‘yish maqsadida chaqirish.

Maishiy iste’molchilar majburiyatlari
  • gazdan oqilona foydalanish;
  • gaz ta’minoti tashkiloti bilan o‘z vaqtida hisob-kitob qilish;
  • gaz uskunalarini soz holatda saqlash;
  • favqulodda va avariyada, kunning istalgan vaqtida gaz ta’minoti tashkiloti ishchilariga xonalarga kirishini ta’minlash;
  • mo‘rilar va ventilyatsiya kanallarining tekshirilishini tashkil qilish;
  • mo‘rilar va ventilyatsiya kanallaridagi nosozliklarni tuzatish uchun yong‘in xavfsizligi xizmatiga xabar berish;
  • gaz ta’minoti tashkilotini turar joylarning buzilishi va qayta qurilishi haqida xabardor qilish;
  • gaz ta’minoti tashkilotining majburiy ko‘rsatmalarini bajarish;
  • uy ichi gaz quvurini muntazam ravishda bo‘yab turish;
  • gaz hidi sezilganda, avariya xizmatiga “104” telefoni orqali xabar berish;
  • Majburiy ijro byurosi vakillariga soat 08:00 dan 20:00 gacha hisobga olish priborlarini ko‘zdan kechirish uchun kirish imkoniyatini ta’minlash;
  • gazni hisobga olish priborlari tamg‘alarining butunligini ta’minlash.

Gaz ta’minoti tashkiloti – gazni qabul qilish, taqsimlash va iste’molchilarga etkazib beruvchi tashkilot.

Gaz ta’minoti tashkiloti majburiyatlari:
  • gaz tarmoqlarini soz holatda saqlash va ta’mirlash-tiklash;
  • gaz tarmoqlarini davriy ko‘zdan kechirish;
  • gaz etkazib berish qisqargan yoki to‘xtaganda iste’molchilarni xabardor qilish;
  • gazning ruxsatsiz iste’mol qilinganligi to‘g‘risida Majburiy ijro byurosini xabardor qilish;
  • shartnomaga muvofiq iste’molchilarga gaz etkazib berish;
  • iste’molchilarga gaz priborlaridan xavfsiz foydalanish masalalari bo‘yicha eslatmani topshirish.

  

Iste’molchi gazni hisobga olish priborini qiyoslovdan o‘tkazish natijasidan norozi bo‘lsa, yuqori turuvchi tashkilotga yoki sudga murojaat qilishi mumkin.