Kadrlar malakasini oshirish va ularni qayta tayyorlash mutaxassislarning kasb bilimlari va ko‘nikmalarini yangilash hamda chuqurlashtirishga qaratilgan.

Kadrlar malakasini oshirish va ularni qayta tayyorlash tartibi, davriyligi tegishli vazirlik idora tomonidan belgilanadi. Qonun hujjatlari bilan ayrim soha vakillarining malakasini oshirish va qayta tayyorlashga qo‘yilgan talablar belgilanib qo‘yilishi mumkin.

Kadrlar malakasini oshirish va ularni qayta tayyorlash ta’lim muassasalaridagi o‘qish natijalariga ko‘ra davlat tomonidan tasdiqlangan namunadagi guvohnoma yoki sertifikat topshiriladi.

Boshqaruv kadrlarini qayta tayyorlash va malakasini oshirish

Boshqaruv kadrlarini qayta tayyorlash va malakasini oshirish O‘zbekiston Prezidenti huzuridagi Davlat boshqaruvi akademiyasida amalga oshiriladi.

Boshqaruv kadrlarini qayta tayyorlash

Boshqaruv kadrlarini qayta tayyorlash tinglovchining asosiy ishidan ajralgan va ajralmagan holda tashkil etiladi.

Qayta tayyorlash muddati kasbiy faoliyatdan ajralgan holda 16 hafta, kasbiy faoliyatdan ajralgan va ajralmagan holda 40 hafta (tajriba orttirishni hisobga olgan holda, o‘quv yuklamasining jami 576 soatdan kam bo‘lmagan hajmi)ni tashkil etadi.

Qayta tayyorlash kursini o‘zlashtirgan va yakuniy attestatsiyadan muvaffaqiyatli o‘tgan tinglovchilarga belgilangan namunadagi diplom beriladi.

Boshqaruv kadrlarining malakasini oshirish

Boshqaruv kadrlarining malakasini oshirish  asosiy ishdan ajralgan yoki ajralmagan holda tashkil etiladi.

Malaka oshirish muddati 18 soatdan kam bo‘lmasligi lozim.

Malaka oshirish kursidan muvaffaqiyatli o‘tgan boshqaruv kadrlariga sertifikat beriladi.

Davlat boshqaruvi akademiyasi haqida to‘liq ma’lumot olish uchun ushbu havolaga o‘ting.

Iqtisodiyot sohasidagi mutaxassislarni qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish

Bank, moliya, soliq tizimlari va iqtisodiyotning real sektori tarmoqlaridagi tashkilotlarning boshqaruv kadrlari va mutaxassislarini qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish bank-moliya akademiyasida amalga oshiriladi.

Qayta tayyorlash

Boshqaruv kadrlari va mutaxassislarni qayta tayyorlash buyurtmachilarning tashabbusiga ko‘ra tashkil etiladi.

Boshqaruv kadrlari va mutaxassislarni asosiy ishidan ajralgan (kunduzgi) holda qayta tayyorlanadi.

Qayta tayyorlash muddati 16 haftani (2 haftalik tajriba orttirishni hisobga olgan holda, o‘quv yuklamasining jami 576 soatdan kam bo‘lmagan hajmda) tashkil etadi.

Qayta tayyorlash kursini o‘zlashtirgan va yakuniy attestatsiyadan muvaffaqiyatli o‘tgan tinglovchilarga diplom beriladi.

Qayta tayyorlash ikkinchi oliy ta’lim hisoblanmaydi.

Malaka oshirish

Malaka oshirish ishlarini tashkil etish buyurtmachi talabiga asosan asosiy ishdan ajralgan holda tashkil etiladi.

Boshqaruv kadrlari va mutaxassislari malakasini oshirish ishdan ajralgan holda ko‘pi bilan 4 hafta (144 soat) etib belgilanadi.

Malaka oshirish muddatlari, o‘quv rejasi va fan dasturlari buyurtmachi bilan kelishiladi hamda akademiya rektori tomonidan tasdiqlanadi.

Malaka oshirish kursidan muvaffaqiyatli o‘tgan tinglovchilarga sertifikat beriladi.

Bank-moliya akademiyasida malaka oshirish va kadrlarni qayta tayyorlash tartibi  bilan to‘liq tanishish uchun ushbu havolaga o‘ting.

Sudьyalikka tayyorlash, sudьyalar va sudlar apparati xodimlarini qayta tayyorlash, malakasini oshirish

Sudьyalik lavozimlariga nomzodlarni tayyorlash, sudьyalar va sudlar apparati xodimlarini qayta tayyorlash, ularning malakasini oshirish sudьyalar oliy maktabida amalga oshiriladi.

Sudьyalik lavozimlariga nomzodlarni tayyorlash

Sudьyalik lavozimlariga nomzodlarni qabul qilish faqat sudьyalik lavozimi zaxirasida bo‘lgan shaxslar orasidan tanlov asosida amalga oshiriladi.

Sudьyalik lavozimlariga nomzodlarni tayyorlash kurslariga qabul qilingan shaxslar asosiy ish joyi bo‘yicha lavozimidan ozod qilinadi, biroq ularning egallagan lavozimi butun o‘qish davri mobaynida saqlanadi.

Sudьyalik lavozimlarini egallash uchun kadrlarni tayyorlash davlat grantlari asosida 1 yillik magistratura ta’lim dasturi bo‘yicha davlat namunasidagi diplom bergan holda amalga oshiriladi.

Sudьyalik lavozimlariga nomzodlarni tayyorlash kurslari tinglovchilariga sudьya yordamchisining 1 oylik mehnatiga haq to‘lash fondi miqdorida stipendiya to‘lanadi.

Malakasini oshirish

Sudьyalar va sudlar apparati xodimlarining malakasini oshirish Oliy sudining buyurtmasi asosida amalga oshiriladi.

Sudьyalar va sudlar apparati xodimlarining malakasini oshirish davomiyligi kamida ikki haftani tashkil etib, tinglovchilarga belgilangan namunadagi sertifikat beriladi.

Qayta tayyorlash

Rahbarlik lavozimlarini egallash uchun zaxirada bo‘lgan sudьyalarni qayta tayyorlash kurslarining davomiyligi ikki oyni tashkil etib, tinglovchilarga belgilangan namunadagi sertifikat beriladi.

Sudьyalikka tayyorlash, sudьyalar va sudlar apparati xodimlarini qayta tayyorlash, malakasini oshirish tartibi bilan to‘liq tanishish uchun ushbu havolaga o‘ting.

Prokuratura organlari xodimlarining malakasini oshirish ularni qayta tayyorlash

Prokuratura organlari xodimlarining malakasini oshirish ularni qayta tayyorlash Bosh prokuratura akademiyasi tomonidan amalga oshiriladi.

Akademiyada kasbiy qayta tayyorlash va malaka oshirish quyidagi dasturlar bo‘yicha amalga oshiriladi:

  • davomiyligi 576 soatdan kam bo‘lmagan prokuratura organlarida lavozimlarni egallash uchun nomzodlarni birlamchi ixtisoslashuv shaklida kasbiy qayta tayyorlash;
  • davomiyligi 576 soatdan kam bo‘lmagan prokuratura organlarida rahbarlik lavozimlarini egallash uchun zaxirada turgan kadrlarni kasbiy qayta tayyorlash;
  • davomiyligi 144 soatdan kam bo‘lmagan prokuratura organlari xodimlari malakasini oshirish.

Prokuratura organlari xodimlari malakasini oshirishning davriyligi har 3 yilda kamida bir martani tashkil etadi.

Prokuratura organlarida lavozimlarni egallash uchun nomzodlar prokuratura ish o‘rganuvchilari lavozimiga tayinlanguniga qadar kasbiy qayta tayyorlashdan o‘tadilar.

Bunda Bosh prokuror kasbiy qayta tayyorlashdan o‘tmagan shaxslarni prokuratura organlariga xizmatga qabul qilishi mumkin.

Bosh prokuratura Akademiyasi haqida to‘liq ma’lumot olish uchun ushbu havolaga o‘ting.

Ichki ishlar organlari xodimlarini qayta tayyorlash va malakasini oshirish

Ichki ishlar organlari xodimlarini qayta tayyorlash va malakasini oshirishga Ichki ishlar vazirligi Akademiyasi tomonidan amalga oshiriladi.

Ichki ishlar organlari ofitserlar tarkibi lavozimlariga tayinlash uchun fuqarolik oliy ta’lim muassasalarini tamomlagan shaxslarni maxsus kasbiy tayyorlash 6 oylik dastur bo‘yicha amalga oshiriladi, uning yakunida «leytenant» maxsus unvoni va tegishli namunadagi diplom beriladi.

Ichki ishlar organlari serjantlar tarkibi lavozimlariga tayinlash uchun o‘rta maxsus, kasbiy yoki oliy ma’lumotga ega bo‘lgan shaxslarni maxsus kasbiy tayyorlash 5 oylik dastur bo‘yicha amalga oshiriladi, uning yakunida «kichik serjant» maxsus unvoni hamda tegishli namunadagi diplom beriladi.

Ichki ishlar vazirligi Akademiyasi haqida to‘liq ma’lumot olish uchun ushbu havolaga o‘ting.

Advokatlar va yuridik xizmat xodimlari malakasini oshirish

Advokatlar va yuridik xizmatlar xodimlarining malakasini oshirish shartnoma asosida Adliya vazirligi huzuridagi Yuristlar malakasini oshirish markazida amalga oshiriladi.

Malaka oshirish uchun BHMning 10 baravari miqdorida haq undiriladi.

Advokatlarning malakasini oshirish

Advokatlarning kasbiy malakasini oshirish ishlab chiqarishdan ajralgan holda faqat kunduzgi shaklda amalga oshiriladi.

Advokatlarning malaka oshirish muddatining davomiyligi 2 haftadan kam bo‘lishi mumkin emas.

Sinovlarni muvaffaqiyatli topshirgan advokatga belgilangan namunadagi sertifikat beriladi.

Advokatning malaka oshirishdan bo‘yin tovlashi hamda o‘qish yakunlari bo‘yicha sinovlardan o‘tolmaslik holati Advokatlar palatasining tegishli hududiy boshqarmasi huzuridagi malaka komissiyasi tomonidan ko‘rib chiqiladi.

Advokat tomonidan oxirgi 3 yil ichida o‘zining kasbiy malakasini oshirmasligi uning advokatlik faoliyati bilan shug‘ullanish huquqini beruvchi litsenziyani tugatishga asos bo‘ladi.

Yuridik xizmat xodimlari malakasini oshirish

Yuridik xizmat xodimlari malakasini oshirish har 3 yilda kamida bir marta amalga oshiriladi.

Malaka oshirish muddati 2 haftadan kam bo‘lishi mumkin emas.

Yuridik xizmatlarning malaka oshirishdan o‘tgan xodimlariga belgilangan namunadagi sertifikat beriladi.

Yuridik xizmatlar xodimlari malakasini oshirish markaz bilan tegishli tashkilot o‘rtasida tuziladigan shartnomalar asosida to‘lov evaziga amalga oshiriladi.

Malaka oshirish davrida yuridik xizmatlar xodimlariga ularning ish joyi bo‘yicha ish haqi va lavozimi saqlanadi.

Yuristlar malakasini oshirish markazi haqida to‘liq ma’lumot olish uchun ushbu havolaga o‘ting.

Fermer xo‘jaliklari rahbarlari va mutaxassislarini qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish

Fermer xo‘jaliklari rahbarlari va mutaxassislari ixtiyoriy ravishda Fermer xo‘jaliklari rahbarlari va mutaxassislarini qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish mintaqaviy markazlarida malakasi oshiriladi va qayta tayyorlanadi.

Mintaqaviy markazlar kasb-hunar kollejlari o‘quv bazasida faoliyat yuritadi.

Hududiy o‘quv bazasi etib belgilangan kasb-hunar kollejlari ro‘yxati bilan ushbu havola orqali tanishish mumkin.

Fermer xo‘jaliklari rahbarlari va mutaxassislarini qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish  shartnoma asosida amalga oshiriladi.

Malaka oshirish 36 soatli dasturlar bo‘yicha muntazamlilik asosida tashkil etiladi va fermer xo‘jaliklari rahbarlarining 3 yilda kamida bir marta, fermer xo‘jaliklari mutaxassislarining — 5 yilda kamida bir marta malaka oshirishdan o‘tishi tavsiya etiladi.

Fermer xo‘jaliklari rahbarlari va mutaxassislarini qayta tayyorlash mintaqaviy markazlar bazasida oliy yoki o‘rta maxsus, kasb-hunar ma’lumotga ega bo‘lgan shaxslar jumlasidan amalga oshiriladi.

Fermer xo‘jaliklari rahbarlari va mutaxassislarini qayta tayyorlash ular bo‘yicha amalga oshiriladigan yo‘nalishlar ro‘yxati, shuningdek qayta tayyorlash kurslarining davomiyligi Qishloq xo‘jaligi vazirligi tomonidan belgilanadi.

Malaka oshirish va qayta tayyorlash kurslarini tugatgan shaxslarga sertifikat taqdim etiladi.

Fermer xo‘jaliklari rahbarlari va mutaxassislarini qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish tartibi bilan ushbu havola orqali to‘liq ma’lumot olish mumkin.

Ishsiz shaxslarni kasbga tayyorlash va qayta tayyorlash, ularning malakasini oshirish

Ishsiz deb e’tirof etilgan shaxslarni kasbga tayyorlash va qayta tayyorlash, ularning malakasini oshirish quyidagi xollarda amalga oshiriladi:

  • unga maqbul keladigan ish tanlash mumkin bo‘lmasa;
  • uning kasbini (mutaxassisligini, mashg‘ulot turini) o‘zgartirish zarur bo‘lsa;
  • kasalligi tufayli, yangi texnologiyalar joriy qilinishi munosabati bilan avvalgi kasbi bo‘yicha ish bajarish qobiliyatini yo‘qotgan bo‘lsa.

Ishsiz shaxslarni kasbga tayyorlash va qayta tayyorlash, ularning malakasini oshirish bandlik markazlarining yo‘llanmasiga asosan tegishli ta’lim muassasida amalga oshiriladi. Bandlik markazlari haqida ushbu havola orqali to‘liq ma’lumot olish mumkin.

Ishsiz shaxslarni kasbga tayyorlash va qayta tayyorlash, ularning malakasini oshirish kursli hamda yakka tartibda tashkil qilinishi mumkin.

O‘qishni kursli shaklda tashkil etilganda, odatda, o‘quv guruhlaridagi tinglovchilar soni 10 nafardan 30 nafargacha bo‘ladi.

Yakka tartibda kasbga tayyorlashda ta’lim oluvchi o‘qituvchilardan maslahatlar (konsulьtatsiyalar) olish yo‘li bilan va mustaqil ravishda o‘rganadi yoki milliy hunarmandchilik kasblariga «Usta-shogird» usulida o‘rgatiladi.

Milliy va badiiy hunarmandchilik kasblariga o‘rgatish faqat «hunarmand» uyushmasiga a’zo bo‘lgan ustalar hamda ijtimoiy sug‘urta badallarini to‘layotgan, yakka tartibda faoliyat ko‘satayotgan tadbirkor ustalarning maktablarida amalga oshiriladi.

Ishsiz shaxslarni kasbga tayyorlash muddati 6 oydan oshmasligi shart.

Mehnat organlari tomonidan kasbga tayyorlash uchun yuborilgan va o‘qishni yakunlagan fuqarolarning mehnat daftarchalariga yozuvlar kiritiladi. Bu holda, ko‘rsatilgan ta’lim olish davri mehnat stajiga qo‘shiladi. Batafsil ma’lumot olish uchun havolaga o‘ting.