Eski shakldagi haydovchilik guvohnomalarini yangisiga almashtirish ular berilgan muddatdan qat’iy nazar amalga oshiriladi, bunda:

  • 01.10.2017-yildan 31.12.2018-yilgacha – ixtiyoriy ravishda almashtiriladi;
  • 01.01.2019-yildan 31.12.2021-yilgacha – majburiy tartibda almashtiriladi.

Eski shakldagi haydovchilik guvohnomalarini yangisiga almashtirish bilan bog‘liq barcha jarayonlar Davlat xizmatlari markazlarida amalga oshiriladi.

Haydovchilik guvohnomasini almashtirish uchun quyidagi hujjatlar taqdim etiladi
  • pasport (nusxasi olinib asli qaytariladi);
  • eski shakldagi haydovchilik guvohnomasi va uning taloni;
  • davlat boji to‘langanligini tasdiqlovchi kvitantsiya.

Ariza hamda tegishli hujjatlar qabul qilinib olingandan so‘ng navbat bilan rasmga tushib, planshet orqali hujjatga imzo qo‘yib, yangi guvohnoma chop etilishi kutib turiladi (ushbu jarayonga 5 daqiqa vaqt sarflanadi).

Eski namunadagi milliy haydovchilik guvohnomalari hamda avtomototransport vositasi ro‘yxatdan o‘tkazilganligi to‘g‘risidagi guvohnomalar 2022 yil 1 yanvardan boshlab haqiqiy emas deb hisoblanadi.

2022 yil 1 yanvardan boshlab eski haydovchilik guvohnomalarini yangi namunalariga almashtirishda quyidagi hujjatlar qo‘shimcha ravishda talab etiladi

1. Haydovchining imtihon varaqasi (milliy haydovchilik guvohnomasini bergan hududiy YHXB tasdiqnomasi);

2. Belgilangan shakldagi tibbiy ma’lumotnoma;

3.  Avtomototransport vositalarini 12 oy mobaynida boshqarganligini tasdiqlovchi hujjat:

  • ishlayotgan haydovchilar uchun mehnat daftarchasidan ko‘chirma yoki ishlayotgan joyida unga biriktirilgan avtomototransport turi ko‘rsatilgan ma’lumotnoma (buyruqdan ko‘chirma);
  • shaxsiy avtomototransport vositalari haydovchilari uchun ularga tegishli bo‘lgan avtomototransport vositasining ro‘yxatdan o‘tganligi haqidagi qayd etish guvohnomasi;
  • ishonchnoma yoki ijara shartnomasi bilan avtomototransport vositasini boshqargan shaxslar uchun avtomototransport vositasi ro‘yxatdan o‘tganligi to‘g‘risidagi guvohnoma va uni boshqarish uchun notarial idora tomonidan tasdiqlangan ishonchnoma yoki ijara shartnomasi.


Eski namunadagi haydovchilik guvohnomasini yangisiga almashtirish Qo‘llanma