Ipoteka kreditlari tijorat banklari tomonidan qaytarishlik, to‘lovlilik, ta’minlanganlik va muddatlilik shartlarida quyidagi maqsadlar uchun beriladi
  • qonun hujjatlarida belgilangan tartibda kelishilgan yakka tartibdagi va namunaviy loyiha asosida, qurilishning belgilangan normalari va qoidalariga rioya qilib yakka tartibda uy-joy qurish va rekonstruktsiya qilish;
  • yakka tartibdagi uy-joyni yoki ko‘p kvartirali uydagi kvartirani sotib olish.

  • Ipoteka kreditining muddati va miqdori, shuningdek, kreditdan foydalanganlik uchun foiz stavkasi bank va qarz oluvchi o‘rtasidagi bitim bo‘yicha, bankning ichki kredit siyosatiga muvofiq belgilanadi.
  • Bunda, ipoteka krediti hisoblangan uy-joy qiymatining 90 foizidan oshmaydigan miqdorda beriladi.
  • Ipoteka kreditini olish uchun ariza beruvchi uy-joy qiymating 10 foizi miqdorida pulga ega bo‘lishi kerak. Ushbu mablag‘lar qarz oluvchining nomiga ochiladigan depozit hisobvarag‘iga joylashtiriladi.

Ipoteka kreditini olish uchun bankka quyidagi hujjatlar taqdim etiladi
  • qarz oluvchining (birgalikda qarz oluvchilarning) pasporti asl nusxasi;
  • uy-joyning oldi-sotdi shartnomasi;
  • qarz oluvchining (birgalikda qarz oluvchilarning) oxirgi 12 oydagi daromadlari to‘g‘risida ma’lumot.

  • Ipoteka krediti olish to‘g‘risidagi arizani ko‘rib chiqish muddati barcha zarur hujjatlar taqdim etilgan kundan e’tiboran 30 ish kunidan oshmasligi kerak.
  • Ipoteka shartnomasi bank va qarz oluvchi o‘rtasida tuziladi.

Kredit olishda qarz oluvchi quyidagi xarajatlarni amalga oshirishi kerak
  • ipoteka to‘g‘risidagi shartnomani notarial tasdiqlash uchun davlat boji;
  • garovga qo‘yilgan ko‘chmas mulkni sug‘urtalash bilan bog‘liq xarajatlar;
  • mulk qiymatini aniqlash bo‘yicha baholovchi tashkilot xizmatlari uchun to‘lov.

  • 2020-yil 1-maydan boshlab 2022-yil 1 yanvarga qadar jismoniy shaxslarga xususiy pudrat tashkilotlari tomonidan tayyor holda topshirish shartisiz (pardoz ishlarini amalga oshirmasdan) qurilgan kvartiralarni birlamchi uy-joy bozorida sotib olish uchun ipoteka kreditlarini ajratishga ruxsat berildi.
  • Aholiga ajratiladigan ipoteka kreditlari muddati 20 yilgacha uzaytirildi.

Xususiy pudrat tashkilotlari tomonidan qurib bitkazilgan kvartiralarni, shuningdek, tayyor holda topshirish shartisiz (pardoz ishlarini amalga oshirmasdan) qurilgan kvartiralarni birlamchi uy-joy bozorida sotib olish uchun bir qarz oluvchiga ajratilayotgan ipoteka kreditlarining eng ko‘p miqdorlari
  • qishloq joylarida 2 xonali kvartiralar uchun 174 mln so‘mdan 240 mln so‘mgacha, 3 va undan ko‘p xonali kvartiralar uchun 224 mln so‘mdan 320 mln so‘mgacha;
  • shaharlarda 2 xonali kvartiralar uchun 180 mln so‘mdan 240 mln so‘mgacha, 3 va undan ko‘p xonali kvartiralar uchun 232 mln so‘mdan 320 mln so‘mgacha;
  • Toshkent shahrida 2 xonali kvartiralar uchun 198 mln so‘mdan 264 mln so‘mgacha, 3 va undan ko‘p xonali kvartiralar uchun 255 mln so‘mdan 352 mln so‘mgacha oshirildi.

Andijon, Namangan va Farg‘ona viloyatlarida tajriba tariqasida Moliya vazirligining tijorat banklariga ajratgan kredit resurslari hisobidan mazkur qaror qabul qilingunga qadar jismoniy shaxslarga qonunda belgilangan tartibda uy-joy qurish uchun ajratilgan er uchastkalarida yakka tartibdagi uy-joylarni qurish va qayta qurish uchun kreditlar ajratishga ruxsat berildi.


Qo‘shimcha ma’lumotni banklarning hududiy filiallari orqali olish mumkin.